Asosiy kontentga o'tish

Huquqiy hujjat

Ommaviy oferta

“FALAQ NASHR” mas’uliyati cheklangan jamiyatining “Falaq” mobil ilovasi foydalanuvchilari uchun

Toshkent shahri 01.08.2026

Ushbu Ommaviy oferta (keyingi o‘rinlarda — “Oferta”) O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 358, 364, 367–370-moddalariga, “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga hamda “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, “FALAQ NASHR” MChJ (keyingi o‘rinlarda — “Litsenziar” yoki “Kompaniya”) tomonidan har qanday layoqatli jismoniy shaxsga (keyingi o‘rinlarda — “Foydalanuvchi” yoki “Litsenziat”) qaratilgan rasmiy taklif bo‘lib, quyida bayon etilgan shartlarda “Falaq” mobil ilovasi orqali elektron kitoblar (PDF) va audiokitoblardan foydalanish huquqini taqdim etish to‘g‘risidagi shartnomani tuzishni taklif qiladi.

1. ATAMALAR VA TA’RIFLAR

1.1. Ushbu Ofertada quyidagi atamalar quyidagi ma’nolarda qo‘llaniladi:

“Ilova” — “FALAQ NASHR” MChJga tegishli bo‘lgan, App Store va Google Play platformalari orqali tarqatiladigan “Falaq” mobil dasturiy mahsuloti;

“Kontent” — Ilovada joylashtirilgan, mulkiy huquqlari Litsenziarga tegishli bo‘lgan yoki Litsenziar tomonidan qonuniy asosda foydalanish huquqi olingan elektron kitoblar (PDF formatidagi asarlar), audiokitoblar va boshqa raqamli materiallar;

“Litsenziya” — Foydalanuvchiga Kontentdan ushbu Oferta shartlari doirasida foydalanish uchun beriladigan oddiy (mutlaq bo‘lmagan), qaytarib olinmaydigan (5.4-bandda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno), boshqa shaxsga o‘tkazilmaydigan huquq;

“Shaxsiy kabinet” — Foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tganidan so‘ng Ilovada yaratiladigan, Foydalanuvchining sotib olingan Kontenti va shaxsiy sozlamalari aks ettiriladigan yopiq bo‘lim;

“Aksept” — Foydalanuvchi tomonidan ushbu Oferta shartlarini to‘liq va so‘zsiz qabul qilish (Ofertaning 3-bo‘limida ko‘rsatilgan harakatlarni amalga oshirish);

“To‘lov tizimi” — Kontent uchun to‘lovlarni qabul qilishda foydalaniladigan elektron to‘lov xizmatlari (Click, Payme, Uzum va boshqa litsenziyalangan to‘lov tashkilotlari, shuningdek App Store / Google Play ichki to‘lov mexanizmlari);

“Tarif” — Ilovada har bir Kontent birligi yoki obuna turi uchun belgilangan, O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasi — so‘mda ifodalangan narx.

1.2. Ofertada ta’rifi keltirilmagan atamalar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan ma’nolarda qo‘llaniladi.

2. OFERTA PREDMETI

2.1. Ushbu Oferta bo‘yicha Litsenziar Foydalanuvchiga to‘lov evaziga tanlangan Kontentdan shaxsiy (notijorat) maqsadlarda foydalanish uchun oddiy litsenziya beradi, Foydalanuvchi esa Litsenziya haqini to‘lash va Kontentdan faqat ushbu Oferta shartlari doirasida foydalanish majburiyatini oladi.

2.2. Foydalanuvchi Kontentni sotib olishda unga asar nusxasiga mulk huquqi emas, balki asardan foydalanish huquqi (litsenziya) o‘tishini tan oladi va bunga rozilik bildiradi. Kontentga bo‘lgan barcha mualliflik va mulkiy huquqlar Litsenziarda hamda tegishli huquq egalarida saqlanib qoladi.

2.3. Litsenziya Foydalanuvchiga quyidagi hajmda beriladi: Kontentni Ilova orqali o‘z qurilmalarida ochish, o‘qish va tinglash, shuningdek Ilova funksionali imkon bergan doirada oflayn rejimda foydalanish. Litsenziya hududi — cheklanmagan; amal qilish muddati — Foydalanuvchi akkaunti mavjud bo‘lgan davr mobaynida, ushbu Ofertada nazarda tutilgan bekor qilish holatlari bundan mustasno.

2.4. Ushbu Oferta O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 358-moddasiga muvofiq ommaviy shartnoma hisoblanadi. Ofertaning amaldagi tahriri Ilovada va Litsenziarning rasmiy veb-saytida doimiy joylashtiriladi.

3. OFERTANI AKSEPT QILISH TARTIBI VA SHARTNOMANING TUZILISHI

3.1. Fuqarolik kodeksining 370-moddasiga muvofiq, Foydalanuvchi tomonidan quyidagi harakatlardan birortasining amalga oshirilishi Ofertaning to‘liq va so‘zsiz aksepti hisoblanadi:

  • a)Ilovada ro‘yxatdan o‘tish jarayonida “Oferta shartlariga roziman” belgisini qo‘yish;
  • b)Kontent uchun to‘lovni amalga oshirish;
  • d)Ilovadan har qanday shaklda foydalanishni davom ettirish.

3.2. Aksept amalga oshirilgan paytdan boshlab Litsenziar bilan Foydalanuvchi o‘rtasida yozma shaklga tenglashtirilgan elektron shartnoma tuzilgan hisoblanadi. “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, elektron shaklda tuzilgan shartnoma qog‘oz hujjat bilan teng yuridik kuchga ega.

3.3. Oferta shartlariga rozi bo‘lmagan shaxs Ilovadan foydalanishni darhol to‘xtatishi shart.

3.4. Aksept qilish orqali Foydalanuvchi o‘zining 14 yoshga to‘lganligini yoxud qonuniy vakilining (ota-onasi yoki vasiy/homiysining) roziligi bilan harakat qilayotganligini tasdiqlaydi. Voyaga yetmagan shaxs tomonidan amalga oshirilgan to‘lovlar uchun javobgarlik uning qonuniy vakillari zimmasida bo‘ladi.

4. LITSENZIYA HAQI VA TO‘LOV TARTIBI

4.1. Har bir Kontent birligining narxi (Litsenziya haqi) Ilovada tegishli Kontent sahifasida so‘mda ko‘rsatiladi. Ko‘rsatilgan narx barcha soliqlarni o‘z ichiga oladi.

4.2. To‘lov Ilovada taqdim etilgan To‘lov tizimlari orqali 100% oldindan to‘lov shaklida amalga oshiriladi. To‘lov summasi Litsenziar hisob raqamiga yoki tegishli platforma operatoriga kelib tushgan paytdan boshlab to‘lov majburiyati bajarilgan hisoblanadi.

4.3. Litsenziar Tariflarni bir tomonlama o‘zgartirish huquqiga ega. Yangi Tariflar e’lon qilingan paytdan boshlab amal qiladi va ilgari to‘langan Kontentga nisbatan tatbiq etilmaydi.

4.4. To‘lov tizimlari xizmatlaridan foydalanish tegishli to‘lov tashkilotlarining qoidalari bilan tartibga solinadi. Litsenziar To‘lov tizimlari faoliyatidagi uzilishlar va xatoliklar uchun javobgar emas.

4.5. Ilovada obuna (ma’lum davr uchun Kontent to‘plamidan foydalanish) modeli joriy etilgan taqdirda, obuna shartlari, davriy to‘lov miqdori va avtomatik uzaytirilish tartibi Ilovaning tegishli bo‘limida ko‘rsatiladi. Foydalanuvchi avtomatik uzaytirilishni istalgan vaqtda o‘z qurilmasi yoki akkaunt sozlamalari orqali bekor qilishi mumkin.

5. KONTENTNI TAQDIM ETISH VA QAYTARISH SHARTLARI

5.1. Kontent Foydalanuvchiga to‘lov tasdiqlangandan so‘ng darhol, uning Shaxsiy kabinetida ochish orqali taqdim etiladi. Kontent Shaxsiy kabinetda ochilgan payt Litsenziar o‘z majburiyatini lozim darajada bajargan payt hisoblanadi.

5.2. Foydalanuvchi Kontent raqamli mahsulot ekanligini, u to‘lov tasdiqlangan zahoti to‘liq hajmda taqdim etilishini va iste’mol xususiyatlarini yo‘qotmasligini inobatga olgan holda, lozim darajada taqdim etilgan Kontent uchun to‘langan mablag‘ qaytarilmasligiga rozilik bildiradi. Foydalanuvchi Kontent haqidagi ma’lumotlar (nomi, muallifi, tavsifi, hajmi, formati, namuna sahifalari/fragmenti) bilan xarid qilishdan oldin tanishish imkoniyatiga ega.

5.3. Quyidagi hollarda to‘langan mablag‘ Foydalanuvchiga to‘liq qaytariladi:

  • a)texnik nosozlik tufayli Kontent Shaxsiy kabinetda umuman ochilmagan va Litsenziar murojaatdan keyin 5 (besh) ish kuni ichida nosozlikni bartaraf eta olmagan bo‘lsa;
  • b)taqdim etilgan Kontent Ilovada e’lon qilingan tavsifga jiddiy darajada mos kelmasa (masalan, boshqa asar yuklangan bo‘lsa yoki faylning muhim qismi yetishmasa);
  • d)bir xil Kontent uchun to‘lov texnik sabablarga ko‘ra ikki marta yechilgan bo‘lsa (ortiqcha yechilgan summa qaytariladi).

5.4. Mablag‘ni qaytarish to‘g‘risidagi murojaat Ilovadagi qo‘llab-quvvatlash xizmati yoki Litsenziarning elektron pochtasi orqali to‘lov sanasidan boshlab 10 (o‘n) kalendar kun ichida yuborilishi lozim. Asosli murojaat bo‘yicha mablag‘ 15 (o‘n besh) ish kuni ichida to‘lov amalga oshirilgan usul bilan qaytariladi. Mablag‘ qaytarilgan taqdirda tegishli Kontentga berilgan Litsenziya bekor bo‘ladi va Kontent Shaxsiy kabinetdan olib tashlanadi.

5.5. App Store yoki Google Play ichki to‘lov mexanizmi orqali amalga oshirilgan to‘lovlarni qaytarish tegishli platformaning qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.

6. KONTENTDAN FOYDALANISH SHARTLARI VA TAQIQLAR

6.1. Foydalanuvchiga Kontentdan faqat shaxsiy, oilaviy va boshqa notijorat maqsadlarda foydalanish huquqi beriladi.

6.2. Foydalanuvchiga qat’iyan taqiqlanadi:

  • a)Kontentni har qanday shaklda nusxalash, ko‘paytirish, chop etish, tarqatish, sotish, ijaraga berish, hadya qilish yoki boshqa shaxslarga har qanday usulda yetkazish;
  • b)Kontentni internet tarmog‘iga, ijtimoiy tarmoqlarga, messenjerlarga (shu jumladan Telegram kanallari va guruhlariga) yuklash yoki ommaga havola etish;
  • d)Kontentdagi texnik himoya vositalarini (DRM, suv belgilari va boshqalarni) chetlab o‘tish, o‘zgartirish yoki olib tashlash;
  • e)Kontent asosida qayta ishlangan mahsulotlar yaratish, tarjima qilish, ekranlashtirish yoki boshqacha o‘zgartirish;
  • f)o‘z akkauntini (login-parolini) uchinchi shaxslarga berish yoki bir akkauntdan bir vaqtda ko‘pchilik bo‘lib foydalanishni tashkil etish;
  • g)Ilovani dekompilyatsiya qilish, teskari muhandislik (reverse engineering) usullarini qo‘llash, Ilova ishiga texnik aralashish.

6.3. Litsenziar Kontentga texnik himoya vositalarini (shu jumladan Foydalanuvchini identifikatsiya qiluvchi suv belgilarini) qo‘llash huquqiga ega. “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, texnik himoya vositalarini chetlab o‘tish qonunga xilof hisoblanadi.

6.4. Ushbu bo‘lim talablari buzilgan taqdirda Litsenziar Foydalanuvchining akkauntini ogohlantirishsiz bloklash, Litsenziyani bekor qilish (bunda to‘langan mablag‘ qaytarilmaydi) hamda yetkazilgan zararni undirish va aybdor shaxsni qonunchilikda belgilangan javobgarlikka tortish choralarini ko‘rish huquqiga ega.

7. INTELLEKTUAL MULK HUQUQLARI

7.1. Ilova, uning dizayni, dasturiy kodi, “Falaq” nomi va logotipi, shuningdek barcha Kontent mualliflik huquqi obyektlari hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Fuqarolik kodeksining IV bo‘limi bilan himoya qilinadi.

7.2. Ushbu Oferta bo‘yicha Foydalanuvchiga mualliflik mulkiy huquqlari o‘tmaydi; faqat 2.3-bandda ko‘rsatilgan hajmdagi foydalanish huquqi beriladi.

7.3. Kontentdan noqonuniy foydalanish fuqarolik-huquqiy javobgarlik bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi va Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

8. SHAXSGA DOIR MA’LUMOTLAR

8.1. Foydalanuvchi Ofertani aksept qilish orqali o‘zining shaxsga doir ma’lumotlarini (ism, telefon raqami, elektron pochta manzili, qurilma identifikatorlari, to‘lov operatsiyalari haqidagi ma’lumotlar) “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Litsenziar tomonidan ishlov berilishiga (yig‘ish, saqlash, tizimlashtirish, foydalanish) rozilik bildiradi.

8.2. Shaxsga doir ma’lumotlar faqat ushbu Oferta bo‘yicha majburiyatlarni bajarish, Foydalanuvchini identifikatsiya qilish, qo‘llab-quvvatlash xizmatini ko‘rsatish va qonunchilik talablarini bajarish maqsadlarida ishlanadi hamda qonunda belgilangan hollardan tashqari uchinchi shaxslarga oshkor etilmaydi.

8.3. Ma’lumotlarga ishlov berishning batafsil shartlari Ilovada joylashtirilgan Maxfiylik siyosatida belgilanadi. Maxfiylik siyosati ushbu Ofertaning ajralmas qismi hisoblanadi.

9. TOMONLARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

9.1. Litsenziar majburiyatlari:

  • a)to‘lov tasdiqlangandan so‘ng Kontentni Foydalanuvchining Shaxsiy kabinetida taqdim etish;
  • b)Ilovaning barqaror ishlashi uchun o‘ziga bog‘liq bo‘lgan barcha oqilona choralarni ko‘rish;
  • d)Foydalanuvchi murojaatlarini 5 (besh) ish kuni ichida ko‘rib chiqish;
  • e)Foydalanuvchining shaxsga doir ma’lumotlari maxfiyligini ta’minlash.

9.2. Litsenziar huquqlari:

  • a)Ilova funksionalini, Kontent katalogini va Tariflarni bir tomonlama o‘zgartirish;
  • b)texnik profilaktika ishlari uchun Ilova ishini vaqtincha to‘xtatib turish;
  • d)Oferta shartlarini buzgan Foydalanuvchi akkauntini bloklash;
  • e)Foydalanuvchiga Ilova va Kontent yangiliklari haqida xabarnomalar yuborish (Foydalanuvchi reklama xabarnomalaridan voz kechish huquqiga ega).

9.3. Foydalanuvchi majburiyatlari:

  • a)ro‘yxatdan o‘tishda ishonchli ma’lumotlarni taqdim etish;
  • b)akkaunt login-parolining maxfiyligini ta’minlash; akkaunt orqali amalga oshirilgan barcha harakatlar Foydalanuvchi tomonidan amalga oshirilgan hisoblanadi;
  • d)Kontentdan faqat ushbu Oferta shartlari doirasida foydalanish;
  • e)Litsenziya haqini o‘z vaqtida to‘lash.

9.4. Foydalanuvchi huquqlari:

  • a)sotib olingan Kontentdan Oferta shartlari doirasida cheklanmagan muddat foydalanish;
  • b)Kontent va Ilova ishi yuzasidan qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilish;
  • d)o‘z akkauntini istalgan vaqtda o‘chirishni talab qilish;
  • e)qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa huquqlardan foydalanish.

10. TOMONLARNING JAVOBGARLIGI VA KAFOLATLARNING CHEKLANISHI

10.1. Tomonlar ushbu Oferta bo‘yicha majburiyatlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgar bo‘ladilar.

10.2. Ilova va Kontent “qanday bo‘lsa, shundayligicha” (as is) taqdim etiladi. Litsenziar Ilovaning Foydalanuvchining barcha qurilmalari va operatsion tizim versiyalarida uzluksiz va xatosiz ishlashini kafolatlamaydi, biroq aniqlangan nosozliklarni oqilona muddatlarda bartaraf etish choralarini ko‘radi.

10.3. Litsenziar quyidagilar uchun javobgar emas:

  • a)internet-provayderlar, aloqa operatorlari, To‘lov tizimlari, App Store va Google Play platformalari ishidagi uzilishlar;
  • b)Foydalanuvchi qurilmasining texnik talablariga mos kelmasligi;
  • d)Foydalanuvchi tomonidan login-parolning uchinchi shaxslarga oshkor etilishi oqibatlari;
  • e)Kontent mazmunidan Foydalanuvchi tomonidan chiqarilgan xulosalar va qabul qilingan qarorlar.

10.4. Litsenziarning ushbu Oferta bo‘yicha jami javobgarligi Foydalanuvchi tomonidan tegishli Kontent uchun haqiqatda to‘langan summa miqdori bilan cheklanadi. Ushbu cheklov iste’molchining qonunchilikda belgilangan imperativ huquqlariga daxl qilmaydi.

11. FORS-MAJOR HOLATLARI

11.1. Tomonlar yengib bo‘lmas kuch holatlari (tabiiy ofatlar, harbiy harakatlar, ommaviy tartibsizliklar, davlat organlarining taqiqlovchi hujjatlari, elektr energiyasi va aloqa tizimlaridagi global uzilishlar, keng ko‘lamli kiberhujumlar) yuzaga kelgan taqdirda, ushbu holatlar amal qilgan davr mobaynida majburiyatlarni bajarmaganlik uchun javobgarlikdan ozod etiladilar.

11.2. Fors-major holatlari 60 (oltmish) kundan ortiq davom etsa, har bir Tomon shartnomani bekor qilish huquqiga ega.

12. NIZOLARNI HAL QILISH TARTIBI

12.1. Ushbu Oferta yuzasidan kelib chiqadigan nizolar dastavval muzokaralar va yozma talabnoma yuborish yo‘li bilan hal qilinadi. Talabnomani ko‘rib chiqish muddati — uni olgan kundan boshlab 15 (o‘n besh) kun.

12.2. Nizo talabnoma tartibida hal etilmagan taqdirda, u O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan sudlovga tegishlilik qoidalariga muvofiq sud tartibida ko‘rib chiqiladi. Ushbu Ofertaga O‘zbekiston Respublikasi moddiy huquqi qo‘llaniladi.

13. OFERTANING AMAL QILISHI VA O‘ZGARTIRILISHI

13.1. Oferta Ilovada e’lon qilingan paytdan boshlab kuchga kiradi va Litsenziar tomonidan chaqirib olinguniga qadar amal qiladi.

13.2. Litsenziar Ofertaga bir tomonlama o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqiga ega. O‘zgartirishlar Ilovada e’lon qilingan paytdan boshlab (agar keyinroq muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa) kuchga kiradi. Foydalanuvchining o‘zgartirishlar kuchga kirgandan keyin Ilovadan foydalanishni davom ettirishi yangi tahrirni aksept qilganligini anglatadi.

13.3. O‘zgartirishlar kuchga kirgunga qadar sotib olingan Kontentga nisbatan xarid paytida amalda bo‘lgan shartlar qo‘llaniladi.

13.4. Ofertaning biror qoidasi haqiqiy emas deb topilishi uning qolgan qoidalarining haqiqiyligiga ta’sir etmaydi.

Oferta oxirgi tahriri e’lon qilingan sana: 27-iyul, 2026-yil